Video rolik va video montaj ham bugungi kunda ancha rivojlangan, tijorat maqsadida ham alohida o’ringa ega bo’lib yaxshigina daromad manbayi bo’lishi mumkin.
Hozirgi kunda qimmatbaho smartfonlar yordamida ham texnik jihatdan sifatli bo’lgan videolarni tasvirga olish mumkin. Lekin telefonlarda hali vidoelarni tahrir qilish (titrlar, musiqa, kadrlarni to’g’ri kesish) imkoniyatlari mavjud emas.
Video montaj – bu alohida fragmentlarni yig’ish orqali kadrlar orasiga turli effektlarni qo’yib yoki effektlarsiz videorolik tayyorlash jarayonidir.
Bugungi kunda video montaj va video rolik tayyorlash xizmatlari video bloggerlar, videograflar, reklama video roliklarini tayyorlash bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar hamda o’zlari tasvirga olgan materiallarni chiroyli klipga aylantirmoqchi bo’lgan oddiy insonlar orasida talabgir. Yuqori sifatli montaj ishlari va video roliklar tayyorlash uchun esa faqat texnik bilimlarning o’zi kamlik qiladi. Bunda zamon bilan hamnafaslik, yuqori did va uslubga egalik katta ahamiyatga ega.
To’g’ri, hozirda video redaktor dasturlar juda ko’p. Ular yordamida mustaqil ravishda video montaj ishlarini amalga oshirish va video roliklar, video slaydlar tayyorlash ham mumkin. Ammo professional darajadagi va birovlarga ko’rsatishga uyalmaydigan video tasvirlarni tayyorlash yuqori malaka va tajriba talab qiladi.